Yangi o'zbek alifbosida kompyuterda qanday yozamiz? Eng oson yechim!

1. Nima o'zgardi?

2026-yil 21-oktabr — O'zbek tili bayrami kuni Prezident lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini takomillashtirish haqidagi qonunni imzoladi. Qonunga ko'ra to'rtta yozuv shakli o'zgaradi:

Hozirgi yozuv

Yangi harf

Misol (hozir → yangi)

O' o'

Ö ö

o'zbek → özbek

G' g'

Ğ ğ

g'alaba → ğalaba

Sh sh

Ş ş

shahar → şahar

Ch ch

Ç ç

chiroyli → çiroyli

Bundan tashqari "ng" harf birikmasi alohida harf sifatida alifbodan chiqariladi, tutuq belgisi (') esa saqlanib qoladi. Natijada alifbo 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan iborat bo'ladi.

Qachondan kuchga kiradi? Qonun rasmiy e'londan olti oy o'tib kuchga kiradi; ayrim nashrlar buni 2027-yil 22-aprel deb yozmoqda. Amaldagi hujjatlar kuchida qoladi, darslik va peshlavhalar esa yaroqlilik muddati tugagach bosqichma-bosqich almashtiriladi.

Muhim: hozircha amalda eski alifbo ishlaydi. Bu maqola — tayyorgarlik va mashq uchun. Yangi alifboda yozishni hozirdan o'rganib qo'ysangiz, 2027-yilda qiynalmaysiz.

2. Muammo nimada?

Oddiy (inglizcha, ruscha, o'zbekcha) klaviaturada Ö, Ğ, Ş, Ç harflari yo'q. Ularni har safar belgilar jadvalidan topib qo'yib bo'lmaydi — bu juda sekin. Rasmiy tomondan klaviatura yechimlari (har bir harfni bitta tugma bilan kiritish) tayyorlanishi rejalashtirilgan, lekin ular qachon va qaysi ko'rinishda chiqishi hali aniq emas.

Bizga hoziroq ishlaydigan yo'l kerak.

3. Yechim: Turk klaviaturasi

Turk alifbosida aynan o'sha to'rtta harf bor: Ö, Ğ, Ş, Ç. Windows'da esa Turk klaviatura sxemasi ("Turkish Q") tayyor holda mavjud. Demak:

  1. Windows'ga Turk klaviaturasini qo'shamiz.

  2. Yangi alifboda yozmoqchi bo'lsak — Turk klaviaturasiga o'tamiz.

  3. Oddiy matn yozmoqchi bo'lsak — avvalgi klaviaturaga qaytamiz.

Bu usulning afzalligi: hech narsa yuklab olish shart emas, hamma narsa Windows'ning o'zida bor, bepul va xavfsiz. Kamchiligi: tugmalar joyi inglizcha klaviaturadan farq qiladi (buni 5-bo'limda ko'rasiz).

4. Windows'da Turk klaviaturasini qo'shish

Windows 11

  1. Sozlamalar (Settings / Параметры) ni oching — Win + I.

  2. Vaqt va til (Time & language / Время и язык) → Til va mintaqa (Language & region / Язык и регион) bo'limiga kiring.

  3. Til qo'shish (Add a language / Добавить язык) tugmasini bosing.

  4. Ro'yxatdan Türkçe (Turkish) ni toping va tanlang, Next bosing.

  5. Muhim: "Set as my Windows display language" (Windows interfeys tili sifatida o'rnatish) belgisini olib tashlang. Aks holda Windows menyulari turkchaga o'tib ketishi mumkin.

  6. Install tugmasini bosing.

image.png
  1. O'rnatilgach, Türkçe yonidagi uch nuqta (...) → Til sozlamalari (Language options) ga kiring va Klaviaturalar (Keyboards) ro'yxatida Turkish Q borligini tekshiring.

image.png

Windows 10

Jarayon deyarli bir xil: Sozlamalar → Vaqt va til → Til → Til qo'shish. Keyingi qadamlar yuqoridagi bilan bir xil.

Klaviaturani almashtirish

Endi ekranning pastki o'ng burchagida (soat yonida) til belgisi paydo bo'ladi: masalan ENG yoki RUS, Turk klaviaturasi uchun TRK.

  • Win + Probel — tillar orasida almashtirish (eng qulayi).

  • Alt + Shift — ham ishlaydi, agar Windows sozlamalarida yoqilgan bo'lsa.

image.png

5. Tugmalar jadvali: qaysi harf qayerda?

Turk klaviaturasi (Turkish Q) ko'p tugmalari inglizcha klaviaturadagi kabi. Faqat to'rtta yangi harf alohida tugmalarda turadi:

Yangi harf

Qaysi tugma

Inglizcha klaviaturada shu joyda nima turadi

Ğ ğ

P tugmasining o'ng tomonida

[ {

Ş ş

L tugmasining o'ng tomonida

; :

Ö ö

M tugmasining o'ng tomonida

, <

Ç ç

Ö tugmasining o'ng tomonida

. >

Katta harf uchun odatdagidek Shift ni bosib turing: Shift + ş tugmasi = Ş.

Quyidagi sxemada hamma narsa ko'rsatilgan:

image.png

Diqqat qiling: odatdagi I tugmasi (U va O orasida) endi nuqtasiz ı yozadi, nuqtali i esa Ş yonidagi tugmaga ko'chgan.

6. Eng katta tuzoq: i va ı

Bu bo'lim eng muhim. Yangi boshlovchilarning 90% xatosi shu yerda.

Turk alifbosida ikkita i bor: nuqtali i va nuqtasiz ı. O'zbek alifbosida esa faqat bitta oddiy i bor (qonun o'zgarishlari orasida ı haqida gap yo'q).

Turk klaviaturasida:

  • Inglizcha klaviaturadagi I tugmasi (U va O orasida) endi ı (nuqtasiz) yozadi. Bu bizga kerak emas!

  • Oddiy i esa Ş tugmasining o'ng tomonidagi tugmada turadi.

Demak, ko'nikma o'zgaradi:

Nima yozmoqchisiz

Qaysi tugmani bosasiz

kichik i

Ş yonidagi tugma (nuqtali i)

katta I

I tugmasi + Shift

katta İ (nuqtali) — o'zbekchada kerak emas

Ş yonidagi tugma + Shift

Nima uchun bu muhim? Chunki "ı" va "i" kompyuter uchun ikki xil belgi. Agar "qizil" so'zini "qızıl" deb yozib qo'ysangiz, qidiruvda (Ctrl + F), Excel'da filtrda va Google'da bu so'z topilmaydi. Mutlaqo boshqa so'z bo'lib qoladi.

Maslahat: yozib bo'lgach, matnda ı harfini qidiring (Ctrl + F). Agar topilsa — xato bor, hammasini i ga almashtiring.

7. Tutuq belgisi (')

Tutuq belgisi (ma'no, she'r) saqlanib qoladi. Turk klaviaturasida uni Shift + 2 orqali yozasiz. Agar sizda boshqacha chiqsa, ekrandagi klaviaturadan tekshiring (pastdagi maslahatga qarang).

8. Ko'p uchraydigan xatolar

  • i o'rniga ı yozib qo'yish. Eng ko'p uchraydigan xato (6-bo'lim).

  • Til almashtirishni unutish. Tilni ENG deb qoldirib, "Ö" ni qidirib yurish.

  • Windows interfeys tilini turkchaga o'tkazib yuborish. Til qo'shishda belgini olib tashlashni unutganlar uchun. Sozlamalardan qaytarib olish mumkin.

  • Turkcha tuzatgich qizil chiziq tortishi. Word va brauzer matnni turkcha deb tekshirishi mumkin. Bu normal: tekshiruvni o'chirib qo'ying yoki matn tilini "O'zbek" deb belgilang.

  • Nuqta va vergul joyi boshqacha. Bir necha kun mashq qilsangiz o'rganib ketasiz.

9. Telefonda qanday yozamiz?

Android'da Gboard'ga Turk tili (Türkçe) ni qo'shing: Sozlamalar → Til va kiritish → Gboard → Tillar → Til qo'shish → Türkçe. iPhone'da: Sozlamalar → Asosiy → Klaviatura → Klaviaturalar → Yangi klaviatura → Türkçe. Telefonda ham Ö, Ç, Ş, Ğ tugmalari tayyor turadi. Menyu nomlari telefon modeli va versiyasiga qarab biroz farq qilishi mumkin.

Manbalar

Ulashish:

🔎O'xshash maqolalar