Top 20 ta xatolik bo'yicha videodarsning 1-qismi
Top 20 ta xatolik bo'yicha videodarsning 2-qismi
1️⃣ Dastur/o'yinni Program Files papkasidan o'chirish

❌ Biror dastur yoki o’yinni tizim o’rnatilgan disk (ko’pincha C disk) dagi Program Files yoki Program Files (x86)’dan o’chirishga yangi kompyuter foydalanuvchilari intilishadi. To’g’ri bu yerdan o’chirsa dastur ishlamaydi, lekin unga tegishli boshqa qayd va fayllar kompyuter xotirasida qoladi.
Dasturlarni shu usulda o’chirish davom etaversa kompyuter keraksiz fayllar bilan to’lib ketadi.
✅ Keraksiz dastur yoki o’yinlarni maxsus o’chiruvchi dasturlar yordamida o’chirish kerak. Shunda Siz istamagan dastur/o’yinga tegishli hech nima kompyuteringizda qolmaydi.
2️⃣ Ish stoli (рабочий стол) ni ortiqcha narsalar bilan bezash

❌ Ish stolida turgan fayllar tizim o’rnatilgan joydan joy olgani sababli tizim ishlashi uchun kam joy qoldirsa, ish stolini turli dastur, vidjet va harakatlanuvchi oboylar bilan bezash tizimni qiynalib ishlashiga sababchi bo’ladi.
Agar Sizni kompyuteringiz unchalik kuchli bo’lmasa turli bezaklar sizni kompyuteringizni sekin ishlashiga sababchi bo’ladi.
✅ Kompyuter imkoniyatlaridan kelib chiqib bezatish kerak. Kuchsiz kompyuterga imkon qadar hech qanday ortiqcha bezaklar kerak emas, agar kompyuter yetarlicha kuchli bo’lsa bezatishga qarshilik yo’q.
3️⃣ Dasturni o'rnatishda nimalarni belgilayotganga e’tibor bermaslik

❌ Ko’pchilik yangi kompyuter foydalanuvchilari biror dasturni o’rnatishda nimalarni belgilab (✔️) dasturni o’rnatayotganiga e’tibor bermaydi. Buning natijasida keraksiz dasturlar ham o’rnashib qoladi, masalan, yandex brauzeri.
✅ Biror dasturni o’rnatish paytida nimalar belgilangan ekanligiga birozgina e’tibor berishni o’zi yetarli.
4️⃣ Dastur/o'yinlarni bitta papkaga o'rnatish

❌ Odatda dastur yoki o’yinlar avtomatik ravishda o’zi uchun alohida papkaga joylashadi, lekin ba’zan C diskda joy yo’qligidan D diskga bitta papkaga hammasini o’rnatadi. Buning natijasida bir xil nomdagi papka yoki fayllar o’zaro birikib ketadi va dasturlar ishdan chiqadi.
✅ C dan boshqa diskga dastur/o’yinni o’rnatishda har biri uchun alohida papka oching va tegishli papkalarga o’rnating.
Masalan, Photoshop uchun Photoshop papkasi, Call of Duty uchun CoD papka yarating.
5️⃣ Kompyuterni o’chirish maqsadida to'g'ridan to'g'ri energiya manbasidan uzib qo'yish

❌ Bu orqali siz katta ehtimol bilan tizimni ishdan chiqishiga erishasiz va yana ham “omadingiz kelsa” kompyuterning biror qismi kuyishiga ham sababchi bo’lishingiz mumkin.
✅ Alt+F4 ni bosib, kerakli rejimni tanlash bilan kompyuterni osonlik bilan o’chirish mumkin.
6️⃣ Fleshka va SSD xotiralarni defragmentatsiya qilish
❌ Fleshka yoki SSD xotirani defragmentatsiya qilish orqali ularni umuman ishdan chiqaramiz. Chunki ularda HDD’dan farqli ravishda flesh texnologiyasi qo’llaniladi.
✅ HDD disklarni defragmentatsiya qilish foyda berishi mumkin, lekin bu amaliyotni faqatgina tajribali foydalanuvchilar qilgani ma’qul.
7️⃣ Kompyuterdagi fayl va papkalarni tartibsizligi (ayniqsa ish stolida)

❌ Tartibsizlik orqali quyidagi muammolarga duch kelishingiz mumkin:
Kerakli fayl yoki papkani topishingizga ko’p vaqt ketadi;
Рабочий стол’dagi fayl/papkalar tizim o’rnatilgan diskdan joylashgan bo’ladi. Ularning ko’pligi esa tizim bemalol ishlashiga imkon bermaydi.
✅ Muammolarga duch kelmaslik uchun tavsiyalar:
Kerakli fayllarni D diskda saqlang;
Imkon qadar ish stolini tartibli saqlang, chunki bu narsa kompyuterni ishlash tezligiga ham qisman ta’sir qiladi;
Fayl/papkalarni tartibli saqlang, bu orqali kerakli fayllarni oson topish bilan birgalikda keraksiz narsalarni saqlab yurishdan qutulasiz.
Tartiblash uchun kreativ oboylardan foydalnishingiz ham mumkin: Yuklash
8️⃣ Juda sodda parollardan foydalanish
❌ Internet yoki umuman kompyuterga oid joylarda sodda parollardan foydalanish orqali kerakli fayl yoki ma’lumotlaringizni begonalarga osonlik bilan berib qo’yasiz.
✅Boshqalar uchun murakkab, lekin yodingizda oson qoladigan parollardan foydalaning:
Masalan, tug’ilgan yilingiz va shahringizni aralashtirish orqali ham juda qiyin parol yasash mumkin: Sir19dar95yo*
9️⃣ Juda ko’p kompyuter dasturlarini o'rnatish
❌ Kompyuterga juda ko’p dasturlarni o’rnatishning quyidagi zararlari mavjud:
Har bir dastur ishlashi uchun resurs talab qilishi sababli kompyuter sekin ishlaydi;
Katta dasturlar doimiy xotiradan katta joyni egallaydi.
✅ Kompyuterga dastur o’rnatishda ushbu tavsiyalarga amal qiling:
Faqatgina kerakli dasturlarni o’rnating, keyinchalik kerak bo’ladiganlarni keyin ham o’rnatsa bo’ladi;
Ba’zi amallarni onlayn saytlarda bajarish mumkinligini unutmang, masalan, pdf’larni birlashtirish;
Bir xil vazifani bajaruvchi bir nechta emas, eng yaxshi bitta dasturni ishlating;
Portablik versiyadagi dasturlar ham kompyuterga yuklama qilmaydi.
🔟 Hamma drayverlarni o'rnatish

❌ Drayverni o’rnatish yoki yangilash kerak deb hamma drayverlarni o’rnatish ham tizimni ishdan chiqishiga olib kelishi mumkin. Drayverlar bilan ishlashda ushbu qoidaga amal qiling: “Ishlayaptimi? Tegma!”
✅ Aslida qaytadan (windows) tizim o’rnatganda hamma drayverlar ichida yoki internet yoniq bo’lsa biroz vaqtdan so’ng o’ziga kerakli drayverlarni kompyuter yuklab oladi. Lekin qaysidir narsa ishlamasa aynan u uchun rasmiy joydan drayverni o’rnatish kerak.
Imkon qadar DriverPack’lardan foydalanmang, ular keraksiz drayverlarni o’rnatish ehtimoli yuqori.
1️⃣1️⃣ Bir nechta antiviruslarni birdaniga o'rnatish

❌ Kompyuterda bir qancha antiviruslarni bo’lishi kompyuterni yanada sekinroq ishlashiga sababchi bo’ladi. Aytaylik, bir antivirus tekshirgan fayllarni narigisi ham tekshiradi, oqibatda esa kompyuter sekin ishlaydi.
✅ Shaxsan o’zim anchadan beri alohida antivirusdan foydalanmayman. Windows Defender’ni o’zi yetarli deb hisoblayman. Aslida internet va tashqi qurilmalar bilan ehtiyot bo’lib ishlaydigan foydalanuvchi uchun antivirus kerak ham bo’lmaydi.
1️⃣2️⃣ Dastur papkasini shunchaki boshqa diskka ko’chirish

❌ Yangi kompyuter foydalanuvchilari C diski qizarib qolsa undagi biror dasturning o’rnatilgan papkasini shunchaki boshqa diskka ko’chirishga harakat qilishadi. Buning natijasida papkasi ko’chirilgan dastur ishlamaydi.
✅ Agar C diskda joy kam qolgan bo’lsa Рабочий стол, Загрузки papkalaridagi fayllarni boshqa diskka ko’chirish ancha samarali yechim bo’ladi.
1️⃣3️⃣ Shaxsiy ma'lumotlarni ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilish

❌ Internetga o’zingiz yoki oilangiz haqida joylagan rasm, video yoki boshqa fayllaringizga hamma ham havas bilan qaraydi deb o’ylamang. Internetda ham real hayotdagi kabi yomon odamlar yetarlicha topiladi.
Yomon odamlar siz yoki oilangiz haqidagi ma’lumotlardan yomon niyatlarda foydalanishlari mumkin. Bunga oddiy misolni ushbu videoda ko’rishingiz mumkin.
✅ Internetda imkon qadar shaxsiy ma’lumot va rasmlaringizni e’lon qilmang. Rasm yoki videolaringizni ham faqatgina tanishlaringiz ko’radigan qilganingiz ma’qul.
1️⃣4️⃣ Bo'lar bo'lmasga Windows o'rnatish...

❌ Kompyuter bilan bog’liq biror muammoga yechim doimo windows’ni qaytadan o’rnatish deb hisoblaydiganlarni muammodan qochadiganlar deyish mumkin. Qayta o’rnatish aniq bir muammoga sabab bo’lmasa ham anchagina vaqtni olishi aniq.
✅ Duch kelingan muammoga yechimni izlab ko’rish kerak. Hozirda sun’iy intellektlarni o’zi ham anchagina muammolarga yechim topishda ishtirok etishmoqda.
1️⃣5️⃣ Noutbukni batareykasini olib tashlab ishlatish (doimo ozuqlanib turishi kerak)

❌ Asosan noutbukda o’yin o’ynaydiganlar batareykasini olib tashlab, noutbukni zaryadkaga ulagan holda ishlatishadi yoki batareyka joyida tursa ham zaryaddan uzmay ishlatishadi. Har ikki holat ham batareykani uzoq muddat xizmat qilishiga salbiy ta’sir qiladi. Batareyka doimo to’ldirib, ishlatib turilishi kerak.
✅ O’zi noutbukda o’yin o’ynash noutbuk uchun eng zararli hisoblanadi, lekin siz baribir doimiy ishlashini istasangiz vaqti-vaqti bilan zaryadlab, uzib tursangiz noutbuk uchun unchalik zarar bolmaydi.
1️⃣6️⃣ Kompyuterga to'g'ri kelmaydigan dastur/o'yinni o'rnatish (системная требования)

❌ Kuchsiz kompyuterda katta dasturni ishlatish dasturni to’liq ishlamasligiga yoki kompyuterni juda qiynalishiga sabab bo’ladi.
✅ Kompyuterni imkoniyatlaridan kelib chiqib dastur tanlash kerak. Aytaylik siz video montaj qilmoqchisiz, lekin kompyuteringiz kuchsiz. Bunday holatda Premiere Pro’ni emas Movavi, Filmora kabi “yengilroq” dasturlarni ishlatganingiz yaxshi.
1️⃣7️⃣ Noutbukni yumshoq yuzada ishlatish

❌ Ko’pchilik noutbuklarning sovutish qurilmalari tag qismida joylashgani sababli noutbukni yumshoq yuzada (ko’rpani usti va h.k.) ishlatish uni qizib ketishiga sababchi bo’ladi. Chunki havo yaxshi aylanmaydi. Bu qizish ko’p davom etishi tegishli qismlarni ishdan chiqishiga sababchi bo’ladi.
✅ Noutbuklarni tekis yuzalarda ishlating, divanda ishlataman desangiz tagiga kichik partalardan qo’yib ishlatishingiz mumkin.
1️⃣8️⃣ Sinalmagan yoki ishonchsiz joydan olingan Windows'larni ishlatish

❌ Rasmiy bo’lmagan, turli dasturchilar tomonidan tayyorlangan Windows сборка’larida turli zararli kod va dasturlar bo’lishi mumkin. Undan tashqari sizga keyinchalik kerak bo’ladigan dasturlar (Microsoft Store, Defender) olib tashlangan bo’lishi mumkin.
Eng yomoni esa sifatli ishlamasligi sababli windows’ni ko’p marotaba qayta o’ratishingizga sababchi bo’lishidir.
✅ Eng yaxshisi original Windows’dan foydalanishdir. Ortiqcha funksiya va dasturlari bo’lsa maxsus dasturlar yordamida olib tashlaysiz.
1️⃣9️⃣ Turli tozalovchi va optimallashtiruvchi dasturdan foydalanish

❌ Yangi kompyuter foydalanuvchilari bunday dasturlardan foydalanishlari mumkin, lekin birdaniga bir nechtasini o’rnatish ularni o’zaro kelisholmay qolishiga sabab bo’lishi mumkin. Bunday dasturlardan foyda yo’q deydigan tajribali kompyuter foydalanuvchilari ham ko’p uchrab turadi.
✅ Kompyuterni tartibli saqlang, ortiqcha dastur yoki fayllarni tozalab tursangiz sizga hech qanday tozalovchi va optimallashtiruvchi dasturni keragi bo’lmaydi.
2️⃣0️⃣ Boshlang'ich foydalanuvchi holatida qolish ya'ni rivojlanmaslik
❌ Rivojlanmaslik istalgan sohada eng yomon narsa hisoblanadi. Ayniqsa kundan-kunga rivojlanayotgan kompyuter zamonida har kuni bilimlarni oshirib bormaslik sizni boshqalardan ancha ortda qoldiradi.
✅ Doimo ilmingizni oshirishga harakat qiling, muammolarga mustaqil yechim izlash ham sizga anchagina tajriba va bilim olishga ko’mak beradi.
©️ Video g'oyasi ushbu videodan olingan: https://youtu.be/UpR3iJN29_U


