PDF hujjatlari bilan ishlash: kerakli funksiyalar va amaliy yechimlar

Ushbu maqolada PDF hujjatlar bilan ishlash davomida duch kelishingiz mumkin bo'lgan muammolarga amaliy yechimlar berib ketamiz.


• PDF'dan matnni ajratib olish

Ba'zan PDF ichidagi matnni Word yoki boshqa dasturga ko‘chirish kerak bo‘ladi. Agar matn oddiy PDF bo‘lsa, uni belgilab Ctrl + CCtrl + V orqali ko‘chirish mumkin. Agar matnni belgilab bo‘lmasa, hujjat skanerlangan bo‘lishi mumkin — bunday holatda OCR texnologiyasidan foydalanish kerak. Google'da PDF OCR yoki PDF to text deb izlab, mos onlayn xizmatlardan foydalanish mumkin.


• Skanerlangan PDF'ni matnga aylantirish

Skaner orqali olingan hujjat aslida rasm ko‘rinishidagi sahifalardan iborat bo‘lishi mumkin. Bunday PDF'dagi matnni oddiy Ctrl + C bilan ko‘chirib bo‘lmaydi. OCR yordamida rasm ichidagi matnni tanib, uni qidiriladigan va ko‘chiriladigan matnga aylantirish mumkin.

Buning uchun OCR PDF yoki PDF OCR online deb qidirish mumkin. Ko‘p sahifali va muhim hujjatlarda esa OCR natijasini albatta tekshirib chiqish kerak.


• PDF sahifalarining tartibini o‘zgartirish

Ba'zan hujjatdagi sahifalar noto‘g‘ri tartibda joylashib qoladi. Bunday vaziyatda PDF organizer yoki PDF pages reorder deb qidirib, sahifalarni kerakli tartibda joylashtirish mumkin.

Masalan, 1-2-3-4 tartibidagi hujjatni 1-3-2-4 ko‘rinishiga keltirish yoki sahifalarni boshqa PDF'ga ko‘chirish mumkin.


• PDF'dan kerakli sahifalarni ajratib olish

Masalan, 50 sahifalik hujjatning faqat 5–7-sahifalari kerak bo‘lsa, butun faylni yuborish shart emas. PDF extract pages yoki PDF split orqali kerakli sahifalarni alohida PDF sifatida saqlash mumkin.

Yana bir oddiy usul — PDF'ni Chrome'da ochib, Ctrl + P bosish va Pages qismidan kerakli sahifalarni ko‘rsatib, Save to PDF orqali yangi fayl yaratish.


• PDF sahifalarini aylantirish

Telefon orqali skaner qilingan hujjatlarda sahifalar yonboshlab yoki teskari chiqib qolishi mumkin. Bunday holatda PDF rotate deb qidirib, sahifalarni 90° yoki 180° ga aylantirish mumkin.


• PDF'ga izoh va belgi qo‘yish

PDF'ni o‘zgartirmasdan, uning ustiga matn yozish, muhim joylarni belgilash, chizish yoki izoh qoldirish ham mumkin. Bu ayniqsa o‘quv materiallari, shartnomalar va ish hujjatlarini ko‘rib chiqishda foydali.

Google'da PDF annotation yoki PDF editor deb qidirish mumkin.


• PDF'ga elektron imzo qo‘yish

Ba'zi hujjatlarni chop etib, qo‘lda imzolash va yana skaner qilish shart emas. PDF muharrirlar yordamida hujjatga elektron imzo qo‘shish mumkin.

Lekin muhim hujjatlarda oddiygina imzo rasmini joylashtirish bilan yuridik jihatdan haqiqiy elektron raqamli imzo tushunchalarini aralashtirib yubormaslik kerak.


• PDF'ga parol qo‘yish

Maxfiy hujjatlarni boshqa odamlardan himoyalash uchun PDF'ga parol o‘rnatish mumkin. Buning uchun PDF password protect yoki protect PDF deb qidirish mumkin.

Agar hujjatda shaxsiy, moliyaviy yoki boshqa maxfiy ma'lumotlar bo‘lsa, noma'lum onlayn xizmatlarga fayl yuklashdan oldin yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak.


• PDF'dan rasmni ajratib olish

Ba'zan PDF ichidagi grafik, diagramma yoki rasmning o‘zi kerak bo‘lib qoladi. Bunday holatda PDF to JPG yoki extract images from PDF xizmatlaridan foydalanish mumkin.

Agar butun sahifani rasm sifatida olish kerak bo‘lsa, PDF sahifasini JPG yoki PNG formatiga konvertatsiya qilish ham mumkin.


• PDF'ni Word yoki Excel'ga o'tkazish

PDF'dagi jadval yoki matn bilan keyinchalik ishlash kerak bo‘lsa, uni Word yoki Excel formatiga o'tkazish qulay. Buning uchun PDF to Word yoki PDF to Excel deb qidirish mumkin.

Lekin ayniqsa jadvallarni konvertatsiya qilganda format buzilishi ehtimoli bor. Shuning uchun natijani tekshirib chiqish kerak.


• PDF'ni chop etishda faqat kerakli sahifalarni chiqarish

Butun hujjatni chop etish shart bo‘lmagan holatlar juda ko‘p. Ctrl + P orqali chop etish oynasini ochib, Pages qismida masalan 2-5 yoki 1,3,7 kabi kerakli sahifalarni tanlash mumkin.

Bu oddiy ko‘rinsa ham, katta hajmdagi hujjatlarni chop etishda qog‘oz va vaqtni ancha tejaydi.


• Bir nechta PDF faylni bitta faylga birlashtirish

Bu yuqoridagi PDF fayllarni birlashtirish usulidan tashqari amaliy jihatdan ham ko‘p ishlatiladi. Masalan, shartnoma, uning ilovalari va qo‘shimcha hujjatlari alohida PDF bo‘lsa, ularning barchasini bitta faylga birlashtirib yuborish qulay.


• PDF fayl nomlarini tartibli saqlash

Ko‘p PDF bilan ishlaganda document.pdf, scan1.pdf, new.pdf kabi nomlar keyinchalik chalkashlik keltirib chiqaradi. Fayllarni Shartnoma_2026-08-17.pdf, Hisobot_iyul_2026.pdf kabi mazmunli nomlash qidirishni ancha osonlashtiradi.

PDF bilan ishlashda eng muhimi — har bir muammo uchun alohida dastur o‘rnatish shart emas. Ko‘p oddiy vazifalarni brauzer orqali ham bajarish mumkin.

Ulashish: